Memorandum imzolandi

12:09 - 19 Oktabr Yangiliklar
726

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti  o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

2021-yil 18-oktyabr kuni “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori N.M.Egamberdiyeva va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari A.I.Ikramov tomonidan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

ness image

Unda xalqimizning tarixiy merosi, urf-odatlari, oilaviy qadriyatlari va milliy tarbiya anʼanalarini asrab-avaylash, keng aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida erta turmush qurishning oldini olish, mahalladagi har bir oilada tinch-totuvlikni taʼminlash va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ishlar samaradorligini yana-da oshirish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga tayangan holda, ichki ishlar organlari tizimida “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish ishlarini taʼminlash, ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini belgilash, vakolatlar doirasida manfaatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish yo‘lida hamkorlikni tashkil etish masalasiga alohida to‘xtab o‘tildi.

Kelajakda hamkorlik yuzasidan amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilab olindi, jumladan:

– oilalarda sog‘lom maʼnaviy muhitni yaratish, oila shaʼnini saqlashda ota-ona va farzandlar masʼuliyati hamda burchlari, or-nomus, qadr-qimmat, sharm-hayo kabi axloqiy meʼyorlarni yetkazib borish, oilalarning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlari va muammolarini tizimli o‘rganib borishga qaratilgan tadbirlar uyushtirish;

– oila va nikoh, shuningdek, oilalarda sog‘lom turmush tarzi, maʼnaviy-axloqiy tarbiya, iqtisodiy va huquqiy bilimlar, tibbiy madaniyatni oshirish, oilaviy munosabatlar psixologiyasi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hamda keng jamoatchilikka tavsiyalar tayyorlash;

– xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash;

– xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;

– oilalar mustahkamligini taʼminlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilaning farzand tarbiyasi borasidagi masʼuliyatini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik

va barqarorlikni saqlashda oilaning o‘rnini targ‘ib qilish, shuningdek, namunali oilalarning hayotiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– er-xotin, ota-ona va farzandlar, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi sog‘lom munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, oila va nikohni saqlab qolishdagi o‘zaro masʼuliyatni taʼminlash masalalarini o‘rganish;

– notinch va muammoli oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, nizoli holatlarning oldini olish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha takliflar va metodik tavsiyalar ishlab chiqish;

– yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish;

– umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlarni, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish asosida oila institutini mustahkamlash bo‘yicha, eng avvalo, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tahliliy materiallar va ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

– xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash tizimini o‘rganish, tahlil qilish hamda sohaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– mamlakatimizda xotin-qizlar manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun va mohiyatini ichki ishlar organlari xodimalariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish;

– seminar-treninglar, uchrashuvlar va tushuntirish ishlarini tashkil etish, tizimda barcha bo‘g‘inlar ko‘magida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga doir yangi dasturlar asosidagi tadbirlarni amalga oshirish, Republikaning har bir xududida tomonlar faoliyatini taʼminlash;

– oilada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, oilalarda gender tenglikning ilmiy-nazariy mexanizmlarini yaratish, oila va mahallalarda gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ilmiy-uslubiy materiallarni tayyorlash;

– oila huquqi va gender tenglik sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek, ushbu sohada malakali kadrlarni tayyorlash, xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;

– oilalarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy madaniyati, huquqiy ongini shakllantirish bo‘yicha ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish va metodik tavsiyalarni ishlab chiqish;

– zamonaviy oilani rivojlantirish, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

– farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir etuvchi ota-onalarga nisbatan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– xalqaro va milliy loyihalarda, shuningdek, turli tanlovlarda hamkorlik asosida ishtirok etish;

– tomonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, o‘zaro rozilik asosida boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik amalga oshirilishi mumkin.


Fotolavha

Chop etish