11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuniga bag‘ishlangan Forum doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya

12:48 - 8 Oktabr Yangiliklar
588

2021-yilning 8-oktyabr kuni 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

ness image

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari bo‘yicha mustahkam huquqiy asoslar yaratildi. Ammo taʼlimning pedagogika va gumanitar fanlar (filologiya, pedagogika, psixologiya, madaniyat va sanʼat) yo‘nalishlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 68 foizni tashkil etsa, muhandis-texnik (axborot texnologiyalari, energetika, injeneriya) va huquqshunoslik sohalarida ularning ulushi hamon pastligicha (24 foiz) qolmoqda.

Mavjud muammolarning yechimi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender strategiyasining asosiy vazifalari jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, taʼlim hamda ilm-fan munosabatlarida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlash, qaror qabul qilishda ularning yetakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratishdan iborat. Bugungi konferensiya ham gender strategiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi hisoblanadi.

“Xalqaro qizlar kuni” BMT Bosh Assambleyasining 2011-yilning 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 2012-yildan boshlab har yilning 11-oktyabrida nishonlana boshlangan. Joriy yilda ushbu o‘ziga xos sana 10 marotaba nishonlanmoqda. BMT tomonidan xalqaro tashkilotlar, aʼzo davlatlarga ushbu sanani keng nishonlash, butun dunyo bo‘ylab qizlarning hayot tarzi, huquq va erkinliklari, ular duch keladigan ijtimoiy muammolar, yashash sharoitlari bilan bog‘liq holatlarni tadqiq etish tavsiya etiladi. Har yili ushbu kun munosabati bilan butun dunyoda gender tengligi, erta nikoh, taʼlim olishdagi tengsizlik, mehnat munosabatlari, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashdagi notenglik kabi qizlar uchraydigan global muammolarga jamoatchilik nigohi qaratiladi, milliy va xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlar, forumlar, uchrashuvlar tashkil etiladi. Ushbu ilmiy-amaliy konferensiya ham har yilgi anʼananing davomi sifatida tashkil etildi.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlisi Senati, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Oliy va o‘rta mahsus taʼlim vazirligi, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlaridan yetuk olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Konferensiya yalpi majlisini Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Kadirxanova Malika Akbarovna, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marufova Gulnora Maxmudovna, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining birinchi o‘rinbosari Karimov Komiljon Hamidovich hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Egamberdiyeva Nodira Melibayevna o‘zlarining tabrik so‘zlari bilan ochib berib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilashdi.

Yalpi majlisda “Xalkaro va milliy huquqda gender siyosatining ayrim jihatlari”, “Maqom sanʼatining badiy-estetiq mohiyati”, “Qiz bola baxtli bo‘lish uchun tug‘ilgan” kabi mavzularda maʼruzalar taqdim etildi.

Konferensiya yalpi majlisdan so‘ng sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.



Chop etish