Aholini ro‘yxatga olish katta ahamiyatga ega jarayon

06:12 - 8 Oktabr Yangiliklar
568
ness image

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi "Mahalla va oila" instituti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro konferensiyada aholini ro‘yxatga olish masalalari muhokama qilindi.

Unda BMTning turli tashkilotlari vakillari, Jahon banki hamda o‘ndan ortiq mamlakatlardan olimlar, ekspertlar, mutaxassislar va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi. 

Maʼlumki, har bir mamlakatning ushbu masalaga o‘z yondashuvi bor, yaʼni ro‘yxatga olish ishlarini turli yo‘llar bilan amalga oshirish mumkin. "Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun aholini ro‘yxatga olish maʼlumotlaridan foydalanish yo‘llari" deb nomlangan mazkur tadbirda ham ushbu mavzu ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi. Zero, aholini ro‘yxatga olishning statistik ahamiyati shundan iboratki, bunda aholining ko‘pligi, jinsi va yosh tarkibini hisobga olish, aholining demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarini o‘lchash, shu jumladan, etno-lingvistik tarkib, taʼlim va tayyorgarlik darajasi, aholining nikoh va oila tarkibi, fuqaroligi, bandligi va ishsizligi, aholining migratsiyasi, uy-joy sharoitlari, kichik hududlar va aholining alohida guruhlari to‘g‘risida aniq va batafsil maʼlumot to‘planadi. Bu esa siyosiy qarorlar qabul qilish, iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar va mamlakat rivojlanishining prognozlarini ishlab chiqish uchun o‘ta ahamiyatli hisoblanib, bularning barchasi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning monitoringi doirasida, ayniqsa, muhimdir. 

Anjumanda ishtirok etgan MDH mamlakatlari Statistika boshqarmasi vakili Irina Zubarskaya aholini ro‘yxatga olish ahamiyatga molik ekani, lekin judayam qiyin jarayonligini taʼkidladi. Maʼlumki, O‘zbekistonda oxirgi marta aholini ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan. Aholini ro‘yxatga olish mintaqa statistikasi uchun ham muhimdir. Chunki u mintaqa aholisi haqidagi asosiy axborot manbai hisoblanadi. 

BMTning iqtisodiy va ijtimoiy ishlar boshqarmasi aholini prognozlashtirish bo‘limi mutaxassisi (YUNDESA) Tomas Shporenberg tadbirda onlayn tarzda ishtirok etib taʼkidladiki, BMTning rasmiy aholi soni va prognozlari (WPP) maʼlumotlarini hisoblash uchun mazkur tashkilotning barcha subyektlari ishtirok etishini va ko‘rsatkich sifatida aholi sonini kiritish talab qiladi. 

Bu yo‘nalishda ro‘yxatga olish ishlari bo‘yicha qilinadigan ishlarning asosiysi taqqoslashdan iboratdir. Yaʼni, tashqi maʼlumotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash, umumiy tug‘ilish va (chaqaloqlar) o‘limi va boshqalar bunga kiradi. Nazariy taqsimotlar bilan taqqoslash: yosh-jins taqsimoti; barqaror aholi modelini o‘rnatish (ko‘proq tarixiy davrlar uchun) 2 yoki undan ko‘p ro‘yxatga olish shular jumlasidandir. 

-Taʼlim rivoji konsepsiyalari 30-yilgacha uch xil taʼlim berish ko‘zda tutilgan. Bular: maktabgacha taʼlim, umumiy o‘rta taʼlim va oliy taʼlimdan iborat. Bundan tashqari, gender tenglikka erishish asosiy vazifalardan hisoblanadi. O‘zbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda, -deydi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abdurahmonov. 

Polsha statistika boshqarmasi vakili Yanush Degachevich o‘z mamlakatidagi aholi va uy-joylarni ro‘yxatga olishda jug‘rofiy maʼlumotlarning o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida so‘zlab berdi. Xususan, Polshada 2021-yilning 1-aprelidan 30-sentyabrigacha ro‘yxatga olish ishlari yakunlangan. KOVID-19 sabab bu jarayonda telefon, kompyuter va onlayn intervyulardan foydalandik. Shuningdek, elektron pochtalar orqali maʼlumot yig‘ish ham qo‘llanilgan. –Natijalar chakki bo‘lmadi, – deydi Yanush Degachevich. 

O‘tgan yili qo‘shni Tojikistonda ham aholini ro‘yxatga olish bo‘lib o‘tdi. Tojikiston Statistika boshqarmasi masʼul xodimi Voris Murodovning fikricha, birinchi navbatda aholini ro‘yxatga olish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilishi kerak. Uning taʼkidlashicha, Tojikistonda bu jarayonni amalga oshirishda donorlar juda katta yordam ko‘rsatishgan. 

 

Mirasror Ahrorov, O‘zA

Manba

Chop etish