Ona tili darslari nega qisqartirilmoqda? - Respublika taʼlim markazi direktori bilan suhbat

12:18 - 23 Oktabr Intervyu
1318

Xalq taʼlimi tizimida ona tili fani soatlarining qisqarayotgani shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bu boradagi bahslar Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning masala yuzasidan tushuntirish berishi hamda O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning vazir fikrlariga nisbatan bildirgan eʼtirozlaridan keyin ancha jonlandi.

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan batafsil maʼlumot olish hamda fan soatlarining nima sababdan optimizatsiya qilinayotganiga aniqlik kiritish maqsadida Respublika taʼlim markazi rahbari Shuhrat Sattorov bilan intervyu uyushtirdi.

– Shuhrat aka, mavzuga kirishdan avval taʼlim markazi faoliyati bo‘yicha maʼlumot bersangiz.

– Respublika taʼlim markazi taʼlim tizimining yuragi deb aytishimiz mumkin. Taʼlimning mazmun-mohiyati va keyingi rejalari aynan shu markazda tayyorlanadi. Oddiy o‘quv standartlaridan boshlab, o‘quv dasturi va darsliklar, o‘qitish metodikasigacha shu yerda yaratiladi. Nimani o‘qitamiz va qanday o‘qitamiz, degan savollarga respublika taʼlim markazi javob beradi.

– Fikr va munozaralarga sabab bo‘layotgan o‘zgarish – maktablarda ona tilini fani soatlarining qisqarishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Shuningdek, bu fan misolida aynan qanday optimizatsiya kutilmoqda?

– Birinchi navbatda qayd etib o‘tish lozimki, Alisher Qodirovni kuchli siyosatchi sifatida bilamiz, lekin u bunday bayonot berishdan avval masalaning mohiyatiga yetib borganida juda yaxshi bo‘lardi. Bugun oldimizdagi asosiy maqsad o‘zgarish emasmi? Taraqqiyotni xohlasak, o‘zgarishimiz kerak emasmi? Yangiliklarni qabul qilishimiz kerak emasmi? Agar biz har qanday yangilikka ehtiros bilan munosabat bildiradigan bo‘lsak, bu o‘sha yangilikni omma oldida yomonotliq qilishi mumkin. Yoki hukumatni xalqqa dushman qilib ko‘rsatishi mumkin. Bayonotda bir qator anglashilmovchiliklar mavjud. Til bu – inson tafakkurini shakllantiruvchi juda katta xazina, boylik. Biz ham aynan tilning orqasidan shunchalik aziz bo‘lib yuribmiz.

Xalq taʼlimi vazirining 52-sonli buyrug‘i mavjud – "Umumiy o‘rta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasini tasdiqlash to‘g‘risida". Umumiy o‘rta taʼlim maktablari uchun haftalik o‘quv soatlari belgilanadi. Bir hafta davomida bola qaysi fanni necha soat o‘qishi belgilab berilgan. Bunda hech bir sinfda ona tili ikki soat o‘qitilishi ko‘rsatilmagan. Vaholanki, bayonotda ona tili ikki soat o‘qitilarkan, deb aytilmoqda. Bu yil maqbullashtirilgan boshlang‘ich 2-, 4-, sinflarda o‘quvchi ona tilini 7 soatdan o‘qiyapti. 5-, 6-sinflarda esa olti soatdan o‘qiyapti. Yaʼni o‘quvchi bir kunda beshta fan o‘qisa, shulardan biri ona tili.

O‘quvchining sinfda biron fanni o‘zlashtirish uchun ajratgan vaqtini ko‘rsatuvchi o‘quv yuklamasi mavjud. O‘quvchilar hafta davomida 327 soat vaqtini sinfxonasida turli fanlarni o‘qish bilan o‘tkazishadi. 2019-2020 o‘quv yilida mana shu ko‘rsatkich 327 soat edi, yangi o‘quv yilidan boshlab buni yana-da maqbullashtirish topshirig‘i berildi. Haftalik o‘quv yuklamasini 314 soatga qisqartirdik. O‘quv yuklamasi 327 soat bo‘lganda, shuning 68 soati ona tili va adabiyot fanlari uchun ajratilar edi. Bu umumiy o‘quv yuklamasining 20,7 foizini tashkil etardi.

Yangi o‘zgarish – 314 soatlik o‘quv yuklamasi bo‘yicha ona tili va adabiyot fani 57 soat o‘tiladi. Bu umumiy o‘quv yuklamasining 20,4 foizini tashkil etadi. Yaʼni o‘zgarish hattoki bir foiz ham emas.

Darsliklarda grammatika, nazariya kamaymoqda, endilikda ularni hazm qilish ham osonlashadi. Shu narsani ham unutmaslik kerakki, o‘quvchi haftaning 6 kunida bitta fanni takror va takror o‘qiydigan bo‘lsa, bu unga og‘irlik qiladi. O‘zlashtirish sifati tushib ketadi. Xalqaro tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hafta davomida 5 soatdan ortiq o‘rganilgan har qanday fan o‘quvchini zada qilib qo‘yadi. O‘quvchi bugun o‘zlashtiradi, ertaga kelib yana o‘zlashtiradi... Vaholanki, bizning kitoblarimiz grammatika, nazariya qonun-qoidalari bilan to‘ldirib tashlangan ekan, bola buni qanday qilib hazm qilishi mumkin? Bu muammo o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bilan bog‘liq kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

O‘quvchiga haftasiga 4-5 soat dars beraylik, oson, hayotda tatbiq etiladigan amaliy qoidalar, mashg‘ulotlar orqali o‘rgataylik. Bola mana shunda o‘zining tilini yaxshi tushunadi. Shundagina bu til uning tafakkuriga xizmat qiladi.

Chop etish