Ilmiy kutubxona
Ayollar mehnat migratsiyasining huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari
Mamlakatimizda mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar reintegratsiyasini taʼminlash, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi, mehnat migrantlarining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, ularning oila aʼzolari uchun ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev O‘zLiDeP qurultoyida tashqi mehnat migratsiyasi masalasiga alohida to‘xtalib, bu borada quyidagilarni taʼkidlab o‘tdi: “Bugungi kunda 2 million atrofidagi aholimiz ro‘zg‘orini tebratish uchun oilasi, ota-onasi va farzandlaridan uzoqda – chet mamlakatlarda mehnat qilmoqda.
...Xorijga ishlash uchun borayotgan aholimizni kasbga va chet tillariga o‘qitish ko‘lami kengaytiriladi. Ularning Yevropa va Osiyoning yuqori haq to‘lanadigan mamlakatlariga ishga borishlari uchun ko‘maklashamiz”1.
2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini 86-maqsadi ham “xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini taʼminlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritish2”ga bag‘ishlangan.
Shu bilan birga, bugungi kunda ishsizlik, kambag‘allik, qarzdorlik, uy-joyga ega bo‘lmaslik va muhtojlik kabi iqtisodiy sabablar bilan bir qatorda, oiladagi kelishmovchiliklar, ajralishlar, ayollarning o‘zi va farzandlarining bilim olishga va rivojlanishga bo‘lgan intilishlari kabi ijtimoiy omillar ayollar mehnat migratsiyasining rivojlanishiga sabab bo‘l- moqda.
Ayollar mehnat migratsiyasi uning ishtirokchilari uchun daromad topish va iqtisodiy muammolarni hal qilish hamda professional jihatdan o‘sish kabi ijobiy imkoniyatlarni yaratishi bilan bir qatorda odam savdosi, jinsiy zo‘ravonlik, diskriminatsiya va tahqirlash qurboniga aylanishlariga zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, erkaklardan farqli ravishda ayollar retsipiyent jamiyatga va keyinchalik migratsiyadan qaytgach o‘z vataniga moslashishda, oilada o‘z o‘rni va mavqeini tiklashda, farzandlar tarbiyasini nazorat qilishda oldingi professional ko‘nikmalarining eskirishi tufayli talabgirligining susayishida, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda pensiya bilan taʼminlanish kabilarda muammolarga uchrashi ularning ruhiy va jismoniy holatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatishi tabiiy hol. Ayollarning jismoniy va ruhiy jihatdan nosog‘lomligi esa butun bir oilaning yoki jamiyatning maʼnaviy nosog‘lomligini keltirib chiqarishi muaqarrar.
Ayollar mehnat migratsiyasining rivojlanishi sharoitida donor mamlakatlarda faqatgina otasi yoki onasi bor yoki umuman ota-onasiz o‘sayotgan oilalar, nikohdan ajralishlar, farzandlari parvarishga muhtoj qariyalar soni ortib bormoqda, tug‘ilish ko‘rsatkichlari va nikohlar soni qisqarmoqda, baʼzan esa, ayol migrantlarning or-nomusiga bo‘lgan ishonch va ularga bo‘lgan hurmat susaymoqda. Bu esa mazkur mamlakatlardagi iqtisodiy muammolarni hal etish maqsadida salbiy oqibati katta bo‘lgan ijtimoiy muammolarning yuzaga kelishiga va mamlakatda ijtimoiy bosimning ortishiga olib kelmoqda.
MUNDARIJA
KIRISH 5
1. Ayollar mehnat migratsiyasining kelib chiqish sabablari, omillari va oqibatlari 7
2. Ayollar mehnat migratsiyasini huquqiy tartibga solish 14
3. Ayollar mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar 23
4. Ayollar mehnat migratsiyasining asosiy oqimlari va zamonaviy yo‘nalishlari 39
5. Ayollar mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha Osiyo mamlakatlari tajribasi 50
6. O‘zbekiston Respublikasida ayollar tashqi mehnat migratsiyasining tahlili 62
7. Ayollar migratsiyasining oila instituti deformatsiyasiga taʼsiri 71
8. Ayollar migratsiyasi ijtimoiy soha infratuzilmasiga bosim sifatida 86
9. Migrant ayollarni ijtimoiy himoya qilish masalalari 101
10. Xorijdan qaytgan ayol mehnat migrantlarini reintegratsiya qilish 116
11. Ayollar mehnat migratsiyasini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish 122
XULOSA131
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI134