“Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh: sabab va oqibatlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

11:51 - 27 Mart Yangiliklar
156

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh: sabab va oqibatlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Sud, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Adliya vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mutasaddilari, ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

ness image

Unda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva, direktor o‘rinbosari Hamid Abduramanov, bo‘lim boshlig‘i Xurshida Saydivaliyeva ishtirok etishdi. Davra suhbatida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abduramanov “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh tuzish holatlarining sabab va oqibatlari” mavzusida maʼruza qildi. 

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, erta tug‘ruq va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 76-moddasida ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizda erta turmush qurish yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida hayotdan barvaqt ko‘z yumayotgan yosh onalar va bolalar o‘limi hamon uchrab turibdi. Bu esa jamiyat rivojlanishining zamonaviy xususiyatlari oilalarni mustahkamlash, nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar, shu jumladan yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida shuningdek, joriy yil 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasiga tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda kelajak avlod salomatligiga salbiy taʼsir qiladigan qarindoshlikning barcha darajasidagi nikoh tuzishga yo‘l qo‘ymaslikni qonun bilan belgilash masalasini muhokama qilish va taklif kiritish vazifasi belgilangan.

—Turmush qurgan yaqin qarindoshlarning farzandi aksariyat hollarda nogiron tug‘ilishi fan va tibbiyotda allaqachon isbotlangan, — dedi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — Maʼlumotlarga ko‘ra, birgina 2023-yilda Respublika Ona va bola skrining markaziga murojaat qilgan 9014 nafar bolalarning 796 tasida irsiy kasalliklar aniqlangan. Kasalliklar turi bo‘yicha tahlil qilinganda, nerv-mushak tizimining irsiy kasalliklari aniqlangan 265 ta bolaning 88 tasi, yaʼni 33,3 foizi qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bolalar ekanligi maʼlum bo‘lgan. Shu sababli yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari borasida aholimiz o‘rtasida tushuntirish, tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirish zarur. 

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasi mutaxassislar tomonidan keng o‘rganilgani, bunday nikohning salbiy oqibatlari ilmiy jihatdan o‘z isbotini topganligi qayd etildi. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh millatning irsiy zaiflashuviga sabab bo‘lishi, kuzatuvlar ko‘p hollarda yaqin qarindoshlardan tug‘ilgan bolalarda irsiy kasalliklar yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘rsatgani taʼkidlandi.

Chop etish