Tobut ko‘tarib raqs tushadigan yigitlar... G‘arbiy Afrikadagi qiziqarli davlat haqida

05:50 - 16 Yanvar Yangiliklar
1198
O‘tgan yili Afrikaning Gana davlati uch yillik muddatga Rossiya, Bostvana, Buyuk Britaniya, Gvineya-Bisau, Hindiston, Kolumbiya, Madagaskar, O‘mon va Koreya Respubikalari bilan bir qatorda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ijroiya kengashiga saylangan edi. Ushbu tuzilmaga 34 nafar aʼzo bo‘lib, har yili ularning o‘ntasi yangilanib boradi.
ness image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Ganada har 10 ming aholiga 9 ta koyka to‘g‘ri keladi. Ko‘plab tibbiyot maskanlari zarur resurslarga ega emas, aksariyat hududlarda hatto shifoxonalar yo‘q ham.

Shu bois o‘tgan yili aprelda prezident Akufo-Addo tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash maqsadida qirg‘oq bo‘yi, markaziy va shimoliy hududlarda 88 ta yangi kasalxona qurish rejasi eʼlon qilingan edi. Ularning oltitasi mintaqaviy shifoxonalar bo‘lsa, uchtasi infeksiya markazlari sanaladi.

Ganada har yili turli tadqiqot ishlariga 277 million dollar sarflanmoqda. Jumladan, yaponiyalik shifokor Noguti Xideyo sharafiga qo‘yilgan Gana yuqumli kasalliklar bo‘yicha tadqiqotlar markazi koronavirusga samarali yechim topish bo‘yicha butun mintaqadagi yetakchi tadqiqot markazidir. Bu yerda allaqachon 60 ming fuqaroga yuqqan infeksiyaning samarali oldini olish, kasallikni bataraf etish borasida faol tadqiqotlar olib borilmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, 2020-yilda mamlakat iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sishi kutilgan edi. Biroq pandemiya bu ko‘rsatkichni 2 foizga qisqartirib yubordi. Ammo taʼkidlash o‘rinliki, 2020-yilda jahonda yalpi ichki mahsuloti eng ko‘p o‘sgan 10 ta davlatning 7 tasi Afrika hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bangladesh, Vyetnam va Xitoydan keyin Efiopiya, Uganda, Kot‘d‘Ivuar, Misr, Ruanda, Keniya davlatlari qatorida Gana ham bu ro‘yxatdan joy egallagan.

Shu sababli pandemiyadan aziyat chekkan oilalarga, qashshoqlikda yashayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, ishsizlikni qisqartirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida davlat bu yildan boshlash 17 milliard dollarga teng dasturlarga kirishadi.

"Bu dastur o‘rta muddatli istiqbolda ulkan samara berishi kerak va barcha tarmoqlarga ijobiy taʼsir etishini kutayapmiz", deydi mamlakat prezidenti Nana Akufo-Addo janoblari.

Qashshoqlar baribir ko‘p....

Afrikadagi eng barqaror mamlakat maqomini olgan Ganada tog‘-kon sanoati jadal taraqqiy etib bormoqda. U oltin qazib olish va eksport qilish bo‘yicha dunyoda eng yetakchi 10 ta davlat qatorida turadi. Bu yerda har yili 90 tonna oltin olinmoqda.

Qishloq xo‘jaligida aholining 57 foizi band. Kakao hosilini yetishtirib olish va chetga sotish hajmlari bo‘yicha ham jahonda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kakao yalpi ichki mahsulotining 10 foizini taʼminlab beradi.

O‘tgan yili mamlakat bozorda narxlarni oshirish maqsadida Mars, Nestle va Kraft kabi transmilliy korporatsiyalarga xom-ashyo sotmasdan, bosim o‘tgazganini ko‘pchilik unutgani yo‘q. Chunki dunyo bo‘yicha 4,5 million tonna kakao ishlab chiqarilsa, 85 foiz bozor transmilliy korporatsiyalarga tegishlidir. Ular xom-ashyo narxining imkon qadar ko‘proq tushishidan manfaatdor. Ammo hukumat qurg‘oqchiliklar kuchayotgan davrda fermerlarning qashshoqlashib qolishini istamadi va muzokaralar jarayoniga taʼsir etishga erishdi.

Gana sayyohlar uchun ham G‘arbiy Afrikadagi eng qiziqarli davlatga aylanib bormoqda. Bu yerda turizmni rivojlantirish maqsadida turli musiqa va madaniy festivallar o‘tkazilmoqda. Noyob tabiat jonivorlarini asrash maqsadida 16 ta qo‘riqxona tashkil etilgan.

Ganadagi o‘ziga xos dafn marosimi ham sayyohlarni o‘ziga jalb etib keladi. Bugun butun dunyo ijtimoiy tarmoqlarida keng tarqalgan tobutni o‘yin-kulgu bilan so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi bu yerga tashrif buyurgan barcha chet elliklarni o‘ziga jalb etadi.

2019-yilda yarim million sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu tarmoq jiddiy sinovlarni boshidan kechirdi.

Nufusning yarmi shaharlarda istiqomat qilmoqda. Garchi so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatli islohotlarga qaramasdan aholining 40 foizi qashshoqlik chegarasida yashamoqda.

Reproduktiv salomatlik muammolari

G‘arb mamlakatlarida jinsiy tarbiya va reproduktiv salomatlik sohasidagi taʼlim jiddiy siyosiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Abortlar va oilaviy qadriyatlar mavzulari saylovlarda muhim ovozlar to‘plash vositasiga aylanmoqda. Ganada ham oilani rejalashtirish muammolari ayniqsa xotin-qizlarning hayotiy muhim masalasiga aylangan.

Bu yerda ko‘plab qizlar erta homiladorlik sababli maktabni yuqori sinflarda tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. Aksariyati esa norasmiy muassasalarda abortlar qildirmoqda. Bularning barchasi jinsiy tarbiyaning yo‘qligi bilan bog‘lanmoqda. Yosh ayollar reproduktiv salomatlik bo‘yicha hatto oddiy maʼlumotlarga ham ega emas.

Amerikaning Guttmaxer instituti so‘rovlariga ko‘ra, mamlakatda 43 foiz qizlar, 27 foiz o‘g‘il bolalar 20 yoshga qadar jinsiy aloqaga kirishmoqda. Eng fojiali tomoni 15 yoshdan kichik bo‘lgan 12 foiz qizlar jinsiy amaliyot tajribasiga egadir. Jinsiy faol aholining atigi 30 foizi himoya vositalaridan, 22 foizi esa zamonaviy kontratseptiv vositalardan foydalanmoqda, xolos. Natijada OITS bilan xastalanganlar soni yil sayin ortib bormoqda.

BMTning Aholishunoslik sohasidagi jamg‘armassi bahosiga ko‘ra, zamonaviy kontratsepsiya vositalaridan foydalananishni kengaytirish Ganada bolalar va onalarning sog‘lig‘ini saqlashning, oilalar mustahkamlagining boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.

Mamlakat yoshlari uchun Shveysariyaning "Global Changemakers" tashkiloti moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan "My Teen Life" loyihasida nafaqat o‘g‘il qizlar, balki ularning ota va onalari, yosh onalar hamda murabbiylar ham ishtirok etmoqda. Gananing yarim aholisi yashaydigan qishloq joylarida jinsiy maʼrifatni targ‘ib etadigan dastur erta homiladorlikning zararli oqibatlari, barkamol va ilmli bo‘lgach oila qurishning foydasi haqida keng tushuntirishlar beradi.

O‘rtacha uch nafar farzandni dunyoga keltirayotgan Gana ayollar uchun salomatlik albatta hayoti davomida muhim boyligi hisoblanadi. Qolaversa, ishlovchi ayolning dekret muddati uch oydir.

Olib borilayotgan tizimli ishlar natijada Ganada OITSning yangi chalinish holatlari 53 foizga, bu kasallik bilan bog‘liq o‘lim holatlarini 45 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘lindi.

Shu maʼnoda yaqinda Senat raisi Tanzila Norboyevaning jinsiy tarbiya soatlarini kiritish zaruriyati haqida aytgan fikri aslida jinsiy maʼrifat, reproduktiv salomatlikka qaratilgan bo‘lib, jahonning rivojlanayotgan davlatlari uchun nihoyatda dolzarb ekanligi ko‘rinib turibdi.

Vatanga qaytish yili

2019-yilda Ganada qullikka olib ketilgan millionlab afrikaliklar xotirasi sharafiga "Vatanga qaytish" yili deb eʼlon qilingan edi. Bu Amerikaga afrikalik qullar tashish boshlaganining 400-yilligi munosabati bilan eʼlon qilindi. Gana rahbariyati hisobiga ko‘ra, Virjiniyaga ilk afrikalik qullar kemasi 1619-yilda yetib kelgan.

Sisley Uilyams AQSHdan Ganaga qaytib, afroamerikaliklarning Afrikaga qaytishga ilhomlantiruvchi harakatning norasmiy elchisiga aylandi.

"Sen o‘zingni qayerda yaxshi qabul qilishsa, o‘sha joyda erkin his qilasan va o‘zing kabi ko‘ringan inson orasida o‘zingda mavjud imkoniyatlardan ko‘prog‘ini tuyasan", deydi Uilyams.

2000-yilda Gana o‘z vataniga qaytgan Afrikalik diasporaning yashash va ishlash shartlarini yengillashtiradigan qonun qabul qilgan edi. 30 millionli mamlakat iqtisodiyoti 2000-2017-yillarda o‘rtacha 6,8 foizdan o‘sib bordi.

Akufo-Addo

Taʼkidlash kerakki, 2017-yilda prezident etib saylangan Akufo-Addo muvaffaqiyatli islohotlari tufayli o‘tgan yili qayta saylandi. U joriy yilning 7-yanvaridan ikkinchi muddatga o‘z faoliyatini boshladi. Siyosatchi tub islohotlar yo‘lidan borib, mintaqalarga vakolatlarini kengaytirdi, davlat maktablarida o‘rta taʼlimni bepul qildi, xalqaro moliya muassasalaridan kreditlar olmasdan turib, yalpi ichki mahsulot o‘sishini taʼminlamoqda.

1997-2006-yillarda BMT bosh kotibi bo‘lgan Kofi Annan yurtida 50dan ortiq millat va elat vakillari totuvlik muhitini yarata olgan. Xristian va musulmonlar o‘rtasida diniy bag‘rikenglikni taʼminlay oldi.

Manija Bahriyeva, jurnalist

Chop etish