
Zamonaviy menejment. Korporativ boshqaruvning muhim tamoyillari
Mamlakatni bir kun odilona boshqargan podshohning ishi
60-70 yil haj qilishdan afzaldir.
Hadisi sharif
Boshqarish - yaxshi ishlayotganlarga xalaqit qilmaslikdir.
Petr Kapitsa
Globallashuv, keng miqyosdagi integratsiya, barcha sohalarda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, innovatsiyalarni joriy qilish - zamonaviy menejment - boshqaruv tizimi oldiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda.
Zamonaviy korporatsiyalar boshqariladigan ijtimoiy tuzilma ekanligi eʼtiborga olinsa, ular faoliyatini samarali tashkil qilmoq uchun korporativ boshqaruvning quyidagi eng muhim tamoyillarini tadbiq etish maqsadga muvofiqligi anglashiladi:
- Strategik rejalashtirish;
- Maqsad va vazifalarni aniq belgilash;
- Taym-menejment;
- Korporativ madaniyatni yo‘lga qo‘yish;
- Umumiy strategik manfaatlar yo‘lida harakat qiluvchi jamoa;
- Boshqaruvga innovatsiyalarni tatbiq etish;
- Kadrlarning malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
- Korxona imidjini shakllantirish.
Har bir tashkilotning samarali faoliyatida jamoa taqdiri uchun masʼuliyatni his etadigan, o‘z vaqtida va to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, qatʼiyatli, adolatparvar, xarizmatik liderlarning roli juda muhim.
Adolatli hukmdor g‘oyasi azaldan millatlar orzusi bo‘lib kelgan. Insoniyatning buyuk vakillari Platon, Aristotel, Suqrot, Erazm Rotterdamskiy, Forobiy, Alisher Navoiy, Volter, Nikollo Makkiavelli, Tommazo Kampanella o‘z shox asarlarini aynan shu g‘oyaga bag‘ishlaganlar.
Zamonaviy rahbarning muhim kompetensiyalariga quyidagilar kiradi:
- Liderlik
- Tizimli fikrlash
- HR-menejment;
- Siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-ahloqiy bilimlar
- O‘ziga ishonch
- Notiqlik mahorati
- Self-menejment
- Nizolarni boshqarish
- Prognostik qobiliyat
- Shaxsiy xarizma
- Intuitsiya
Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, joriy yilning sentyabr oyidan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida markaziy apparat va hududiy boshqarmalarida faoliyat olib boruvchi rahbar va mutaxassislarning siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-axloqiy, kasbiy bilim va kompetensiyalarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan turkum treninglar boshlandi.
Trening o‘quv dasturidan rahbar va mutaxassislarning siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan quyidagi dolzarb mavzular o‘rin olgan:
- menejment asoslari (liderlik, PR-menejment, taym-menejment);
- boshqaruvda siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-ahloqiy bilimlarning o‘rni;
- inson resurslarini samarali boshqarish;
- zamonaviy rahbarning professional kompetensiyalari;
- rahbarning muomala madaniyati va notiqlik mahorati.
Shuningdek, AQSHning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari bo‘yicha dasturi (JRUP) doirasida oila institutini mustahkamlash, inson huquqlari va gender tengligi masalalari bo‘yicha Adliya vazirligi bilan hamkorlik memorandumi hamda o‘zaro kelishuvga muvofiq sohaga oid quyidagi muhim qonunlarning amaliyotga implementatsiya qilish masalalari batafsil o‘rganilmoqda:
- O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuni.
Mutaxassislarda gender tengligini ijtimoiy-siyosiy sohalarda tatbiq etish, oilaviy nizolarni hal qilishda progressiv metodikalardan foydalanish, oilaviy mediatsiyani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Trening mashg‘ulotlari “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Mohira Xoliqova, xalqaro trenerlar tomonidan interfaol usullarda (aqliy hujum, loyihalash, kichik guruhlarda ishlash), keys va fasilitatsiya texnologiyalari asosida o‘tkazilmoqda.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etib boriladi.