author image
Mohira Xoliqova

Oilaning pedagogik salohiyati

11:17 - 11 Avgust 3277

Shaxsning maʼnaviy-ahloqiy kamolotida oilaviy tarbiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Farzand tarbiyasi ota-onaning bosh vazifasidir, bolaga go‘zal tarbiya berish ota-onalikning birinchi masʼuliyatidir.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan oila institutni mustahkamlash, notinch oilalarga manzilli moddiy va maʼnaviy ko‘mak berish, oilani mustahkamlashda uning pedagogik salohiyatini o‘rganish va tegishli takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oilaviy tarbiyaning maqsadi – shaxsda hayot yo‘lida uchraydigan turli sinov va to‘siqlarni mardona yengib o‘tishga yordam beradigan xislatlarni shakllantirish, deb taʼkidlaydi falsafa doktori, dotsent Mohira Xoliqova.

Maʼnaviy-ahloqiy kamolot, ijtimoiy va aqliy intellekt, ijodiy qobiliyat, hayotiy tasavvurlar, mehnat qilish ko‘nikmalari, emotsional madaniyat, baxt-saodatga erishish oilaviy tarbiyaning muhim masalalaridir.

Oiladagi maʼnaviy muhit, shaxslararo munosabatlar bolaning tarbiyasida juda katta rol o‘ynaydi. Ulug‘ mutafakkir Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobida “Alloh taolo insonlarni asl xilqatda isteʼdod va qobiliyatli, yaxshi bilan yomonni, foyda bilan zararni, oq bilan qorani ajratadigan qilib yaratgan. Lekin insondagi bu qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan bo‘lur. Qush uyasida ko‘rganini qilar”, deydi.

Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino “Tadbiri manzil” asarida oilaviy tarbiya masalalariga keng to‘xtalib, ota-ona davlat boshlig‘imi yoki jamiyatning oddiy bir aʼzosimi, ularga bola tarbiyasi masalasida bir xil talab qo‘yilishi haqidagi g‘oyani ilgari suradi.

Bolaning ahloqiy tarbiyasi uning ilk rivojlanish davridan boshlanishi zarurligini, maqsadga erishish uchun tarbiyada bolani baʼzan maqtash, baʼzan jazolash ham kerakligini aytadi.

Ibn Sino oilada tarbiyani to‘g‘ri olib borish - oila baxtining muhim asosi, deb hisoblaydi. Bola axloqining shakllanishida er-xotinning o‘zaro munosabati, bir-birini hurmat qilishlari ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. U ota, yaʼni oila boshlig‘i oldiga katta talablar qo‘yadi.

Shuningdek, farzand tarbiyasida oilaviy tarbiyaning muhim unsurlari – asoslash, tushuntirish, maslahat, ibrat, shaxsiy namuna, qo‘llab-quvvatlash, maqtov, dalda, qoidalar belgilash kabilardan o‘z o‘rnida foydalanish lozim. 

Quyida ota-onalar uchun farzand tarbiyasiga oid zarur ijobiy ko‘nikmalarni baʼzilarini keltirib o‘tamiz:

Bola shaxsiga xurmatni namoyon qilish;

Pedagogik takt, muomala madaniyatiga rioya qilish;

Bolaning individual, psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olish;

Bola tarbiyasida qatʼiyatni, izchillikni namoyon qilish;

Bolaning nuqtayi nazarini hurmat qilish;

Shaxsiy ibrat bo‘lish;

Bolalar bilan ishonch va xayrixoxlik ruhida gaplashish;

Cheklov va choralar bola uchun tushunarli bo‘lishi kerak;

Bolaninshg shaxsiy makonini hurmat qilish;

Istalgan eʼtiroz bola shaxsiga emas, uning muayyan hatti-harakatiga qaratilgan bo‘lishi kerak;

Bolaga do‘st, kiyim, musiqa tanlash erkinligini berish;

Bola bilan samimiy, dildan suhbatlashish;

Mumkin bo‘lgan ishlarning qatʼiy chegarasini belgilash, toki bola mumkin bo‘lgan harakatlar chegarasini bilsin;

Bolaning hayotida faol ishtirok etish, uning qiziqishlari, maslagi, orzu-istaklari bilan qiziqish;

Uni yaxshi ko‘rishingizni taʼkidlash;

Uning huquqlari va majburiyatlarini uqtirib borish;

Bola bilan uni qiziqtiradigan mavzularda suhbat qurish;

Bola bilan munosabat taktikasini o‘zaro ishonch va hurmat asosida shakllantirish;

Farzandlarga oila hayotida ishtirok etishga imkon berish;

Oilaviy muammolarni muhokama qilish bo‘yicha oilaviy kengash tuzish;

Bolaning hayotida samimiiy ishtirokingiz lozimligini unutmaslik.

Ota bosh tarbiyachi ekan, uning farzand tarbiyasida katta taʼsir kuchiga ega ekanligi, onaning oqila va kamtar bo‘lishi, ota-onalar ham nazariy, ham amaliy jihatdan tarbiya qonuniyatlarini mukammal o‘zlashtirmog‘i lozimligini unutmasligi zarur, – deb xulosa qiladi falsafa doktori, dotsent Mohira Xoliqova.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi

huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti

Chop etish