Scientific Library
Mazkur risola O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 28-dekabrdagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2021–2022-yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash haqida”gi SQ-682–IV-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O’zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida tayyorlangan.
Kitob “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutining JHBL-10/1-sonli “Gender indekslar bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Risola “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti Ilmiy kengashining 2023-yil 22-iyundagi 3-sonli bayonnomasiga movofiq nashrga tavsiya etilgan.
2017-yilda Oslo tinchlik va xavfsizlik markazi (PRIO) va Djorjtaun ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti ayollar farovonligini har tomonlama baholashni ta’minlaydigan yangi global indeksni ishlab chiqdi. Global Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi (GATH) ayollarning oilada va jamiyatdagi imkoniyatlarini aks ettiradi. GATH – ayollar xavfsizligiga alohida e’tibor beruvchi birinchi gender indeksi. Indeks natijalari to‘plam ko‘rinishida Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida chop etiladi.
BMT Xavfsizlik Kengashining ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 2000-yildagi 1325-sonli rezolyutsiyasi bilan belgilangan kun tartibi ayollarning doimiy dunyo tinchligi, adolati va xavfsizligiga erishish bilan bog‘liq masalalarda muhim rol o‘ynashini aniq aks ettiradi.
2016-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi “tinchlikni saqlash” to‘g‘risidagi qarorlarini qabul qildi, ularda tinchlik o‘rnatishdan tinchlikparvarlikka “jamiyatning umumiy qarashlarini shakllantirish jarayoni”ga o‘tishni maqsad sifatida qabul qildilar. Kun tartibidagi masala 2030-yil Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini to‘ldiradi, bu barcha uchun inklyuziv, adolatli va tinch jamiyat qurish zarurligini belgilaydi. Global Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksining 2021-yildagi uchinchi nashri1 shuni ko‘rsatmoqdaki, ayollar maqomi global miqiyosda o‘sishi sekinlashdi va mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik oshib – ko‘rsatkichlardagi bo‘shliq 2017-yilga qaraganda 44% ga yuqoriga ko‘tarildi.
Qizig‘i shundaki, GATH ayollarning holati va yutuqlarini erkaklar bilan taqqoslagan holda emas, balki mutlaq tarzda aks ettiradi: mamlakatlar ayollar va erkaklar o‘rtasidagi bo‘shliq bilan emas, balki integratsiya, adolat va ayollar xavfsizligining umumiy ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Yangi ko‘rsatkichlar majburiy migratsiyani o‘lchaydi hamda Afg‘oniston, Pokiston, AQShdagi viloyat va davlat darajasida GATH indikatorining samaradorligini aks ettiradi. Indeks, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlar sonining xavotirli o‘sishini ko‘rsatib beradi: 2020-yilda 56 ta davlat hamda 72 ta nodavlat tashkilotlar o‘rtasida mojarolar qayd etilgan. Majburiy migratsiya 2020-yil oxirida rekord darajadagi 90 millionga yetdi, shundan 55 millioni ichki migratsiya hisoblanadi2.
Indeksning zo‘ravonlikka oid ko‘rsatkichiga ko‘ra, Janubiy Osiyo eng yomon ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan mintaqa bo‘lib, yuqori darajadagi yaqin sherik zo‘ravonligi3ga ega. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi adolat nuqtayi nazaridan barcha mintaqalar orasida eng past ball oldi, Lotin Amerikasida esa jamoat xavfsizligida xavotirli tendensiyalar mavjud: atigi har uch ayoldan bittasi tunda o‘z mahallasi atrofida yurishda o‘zini xavfsiz his qiladi. Ayollar uchun eng xavfli davlatlar Afg‘oniston, Suriya, Yaman, Pokiston va Iroq ekani aytildi. Norvegiya 0,922 ball to‘plagan holda, GATH indeksining 2021-yil uchinchi nashrida birinchi o‘rinni egallaydi. Barcha besh Skandinaviya davlatlari kuchli yettilikka kirgan. Bunday ko‘rsatkichlar progressiv davlat siyosati bilan bog‘liq. Biroq hech bir mamlakat eng yuqori ballga ega emas.