Scientific Library
Mazkur risola O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 28-dekabrdagi “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining 2021–2022-yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2023-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash haqida”gi SQ-682–IV-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O’zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida tayyorlangan.
Kitob “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutining JHBL-10/1-sonli “Gender indekslar bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Risola “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti Ilmiy kengashining 2023-yil 22-iyundagi 3-sonli bayonnomasiga movofiq nashrga tavsiya etilgan.
Xotin-qizlar dunyo aholisining yarmini tashkil etib, butun insoniyat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish ularning jamiyat hayotiga daxldorligiga bog‘liq bo‘lib, iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlaridan tortib, jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashgacha qamrab oladi.
Barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad hisoblanmish gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga erishish borasida O‘zbekistonda gender tengligiga erishishning xalqaro ko‘rsatkichlari va talablari doirasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, jamiyatda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarish, imkoniyatlarini kengaytirish, muammolarini hal etish, ijtimoiylashuvini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalari qatoridan o‘rin egallagan.
BMT tomonidan 2000-yilda butun xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda gender tengligi konsepsiyasi inson faoliyatining asosiy tamoyillaridan biri sifatida qabul qilinishi natijasida mazkur yo‘nalishda bir qator ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. O‘zbekistonda esa oxirgi 6 yilda ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi mavqeyini kuchaytirish borasida sezilarli qadamlar tashlandi. Xususan, O‘zbekistonda xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019-yilning sentabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to‘qqizta vazifa ishlab chiqildi. 2020-yil oktabrda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi e’lon qilindi.
Gender islohotlarni amaliyotga tatbiq etish, inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy erkinlikni ta’minlash, huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining yuqori pog‘onalarga erishishini ta’minlash maqsadida indeks beruvchi xalqaro tashkilotlarning statistik ma’lumotlariga asoslanadigan Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tayyorlanadigan “Global gender tafovuti” global hisoboti va boshqa ko‘plab xalqaro gender indeks ko‘rsatkichlarida O‘zbekistonning o‘rnini aks ettirish muhim ahamiyatga ega. Chunki bu orqali xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z aksini topishiga imkoniyat yaratiladi va oqibatda mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan, global gender indeks reytinglarida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini oshirish va mustahkamligini ta’minlashning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarini chuqur tadqiq etish xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi tengsizlikni bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi imijini oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha farmon va qarorlarida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish zarurligining belgilangani mazkur loyiha mavzusining dolzarbligini tasdiqlaydi.