Scientific Library
Mazkur uslubiy qo‘llanmada mahallalarda tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlashni tashkil etishning zaruriyati va ahamiyati, tarbiyasi og‘ir bolalar tushunchasi va ularning o‘ziga xos xususiyatlari hamda shakllanishini taqozo etuvchi omillar, ularning biri sifatida noqobil va muammoli oilalar, shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz ta’lim” tamoyili asosida bunday toifadagi bolalar va oilalar bilan ishlashni tashkil qilish, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi subyektlarning bu sohadagi funksional majburiyatlarini amalga oshirish mexanizmlarining tahlili asosida “fuqarobay”, “oilabay” “mahallabay” ishlash metodikasini samarali qo‘llash maqsadida tayyorlangan bo‘lib, mahalla fuqarolar yetakchisi, shuningdek, sektor rahbarining ish faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda bolalar va yoshlarga ko‘rsatilayotgan tizimli g‘amxo‘rlik, hurmat va mehr, shuningdek, o‘sib kelayotgan avlodning ravnaqiga, kamol topishiga qaratilayotgan alohida e’tibor bolalar va yoshlar masalalarining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yoshlarga oid davlat siyosatining alohida qonunda, taraqqiyot strategiyasining 70-maqsadida mazkur siyosatni takomillashtirish yo‘nalishlarining aniq belgilangani va ular asosida tizimli kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani yangi O‘zbekistonda yuksak ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamolotga erishgan avlodning shakllanishiga xizmat qiladi.
Mustaqillik yillarida bolalar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalar huquqlarining kafolatlarini ta‘minlash, shu jumladan, tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlashning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish, bu sohada bola huquqlariga oid xalqaro majburiyatlarning to‘liq va samarali bajarilishi mexanizmlarini milliy qonunchilik tizimi va amaliyotiga joriy etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib kelmoqda.
O‘zbekistonda inson, xususan, bolalar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar, shu jumladan, tarbiyasi og‘ir bolalar huquqlarining kafolatlarini amalda ta’minlashning mutloq yangi tizimini shakllantirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
Mamlatimizda bolalar, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalar huquqlari kafolatlarini ta’minlash orqali tarbiyasi og‘ir bolalar shakllanishining barvaqt oldini olish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasiga muvofiq O’zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat (1-modda) maqomida o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatish kafolatini (23-modda) ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.